Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida 26-modda. Moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi yoxud shikoyati ana shu murojaat boʻyicha qonunga xilof qaror qabul qilgan davlat organi tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, ariza yoki shikoyat berish va uni koʻrib chiqish bilan bogʻliq zararning oʻrni, arizani yoki shikoyatni koʻrib chiqish uchun tegishli davlat organining talabi bilan joylarga borish munosabati bilan qilingan xarajatlarning hamda ana shu vaqt ichida yoʻqotilgan ish haqining oʻrni murojaat etuvchiga sud tartibida qoplanadi. Sud tartibida maʼnaviy ziyon ham kompensatsiya qilinishi mumkin. Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasini yoxud shikoyatini koʻrib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish sifatida davlat organi tomonidan toʻlangan mablagʻlar aybdor mansabdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi mumkin.