Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan oʻzaro huquq va majburiyatlar bilan bogʻliqdir. Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emas. Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak. Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.