Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida 27-1-modda. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga (bundan buyon matnda elektron reyestr deb yuritiladi) kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ayblov hukmi (ajrim) qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida elektron reyestrga shaxs haqidagi maʼlumotlarni kiritadi. Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi. Elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar belgilanadi: davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish; saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining koʻrsatilishi; davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning aʼzosi boʻlish; oʻzi taʼsis etgan va (yoki) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining 50 foizidan koʻproq qismiga oʻzi egalik qiladigan tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashish; davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlarda va davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish. Elektron reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladi. Elektron reyestrdan maʼlumot olish tartibi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarni Elektron reyestrdan chiqarish asoslari va tartibi, shuningdek davlat organlarining Elektron reyestrni yuritish borasidagi hamkorligi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.