Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida 9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi oʻz vakolatlari doirasida: korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi; korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi; korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergovni amalga oshiradi; korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish hamda tahlil qilishni amalga oshiradi; jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini koʻradi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida, shu jumladan qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirishda ishtirok etadi; aholi oʻrtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targʻibotga doir faoliyatda ishtirok etadi; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qoʻyilishini taʼminlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi; korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.