Yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan filiallar va vakolatxonalar uchun alohida litsenziyalar hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olish talab etilmaydi. Bunda yuridik shaxslar tomonidan avval olingan litsenziyalarda va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarda vakolatli organlar tomonidan mazkur hujjatlarga oʻzgartishlar kiritilgan holda filiallar va vakolatxonalarning manzillari koʻrsatiladi. Filiallar va vakolatxonalar tashkil etgan yuridik shaxslar filiallar hamda vakolatxonalar tomonidan faoliyat (harakatlar) turlarini xabardor qilish tartibida amalga oshirish boshlanguniga qadar bu haqda vakolatli organni maxsus elektron tizim yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (bundan buyon matnda YIDXP deb yuritiladi) orqali xabardor qilishi kerak. Bunda vakolatli organ koʻrsatilgan filiallar va vakolatxonalar toʻgʻrisidagi axborotni xabarnomalar reyestriga kiritadi. Filiallar va vakolatxonalar faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) turlarini amalga oshirayotganda yoki faoliyatni (harakatlarni) xabardor qilish tartibida amalga oshirayotganda litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etishi kerak.