Ushbu Qonunning 1-ilovasida koʻrsatilgan faoliyat turlari faoliyatning litsenziyalanadigan turlaridir. Litsenziya faoliyatning har bir litsenziyalanadigan turi uchun alohida beriladi. Litsenziya talabgorning arizasiga muvofiq litsenziyalanadigan faoliyat turining kichik turiga (kichik turlariga) berilishi mumkin. Amalga oshirilishi uchun litsenziya berilgan faoliyat turi (kichik turi) faqat litsenziya olgan jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi. Amalga oshirilishi uchun litsenziya berilgan faoliyat, agar litsenziya talablari va shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshirilishi mumkin.