Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida 20-modda. Ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar

Ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar: talabgorlarning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, uni qayta rasmiylashtirish va bekor qilish toʻgʻrisidagi murojaatlarini qabul qiladi hamda koʻrib chiqadi; ushbu Qonun talablariga va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga muvofiq belgilangan muddatlarda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni beradi yoki uni berishni asosli ravishda rad etadi; ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning reyestrini yuritadi; ruxsat berish tartib-taomillari masalalari yuzasidan talabgorlarning ogʻzaki yoki yozma, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuborilgan soʻroviga koʻra bepul asosda toʻliq axborot va malakali maslahatlar (tushuntirishlar) beradi; talabgorlar ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi bilan moneliksiz tanishib chiqishi va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar moneliksiz taqdim etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi; ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni elektron shaklda beradi; ushbu Qonunning 32 va 33-moddalarida nazarda tutilgan hollarda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilishini toʻxtatib turish yoki ularni bekor qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi va (yoki) ushbu masalalarni sud tartibida koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqadi. Ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar qonunga, shuningdek ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga va ularning pasportlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.