Talabgorlarning litsenziyalarni yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish toʻgʻrisidagi arizalari, shuningdek ularga ilova qilingan hujjatlar maxsus elektron tizim vositasida yoki YIDXP orqali qabul qilinishi mumkin. Davlat sirlarini yoki qonunchilikka muvofiq foydalanilishi cheklangan axborotni oʻz ichiga olgan litsenziyalarni yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish toʻgʻrisidagi arizalar vakolatli organlar tomonidan qabul qilinishi va bevosita ularga berilishi mumkin. Ariza hamda unga ilova qilingan hujjatlar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda vakolatli organga kelib tushgan paytdan eʼtiboran ular roʻyxatdan oʻtkazilgan deb hisoblanadi. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjat (belgi) avtomatik ravishda talabgorga yuboriladi (beriladi). Arizani qabul qilishni vakolatli organ tomonidan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Elektron shaklda berilgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar manfaatdor shaxslar tomonidan maxsus elektron tizim vositasida qogʻozda chop etilishi mumkin. Bunda qogʻozda chop etilgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar elektron shaklda berilgan litsenziyalarga va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarga tenglashtiriladi. Talabgor maxsus elektron tizim yoki YIDXP orqali ariza bilan murojaat etganda, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibi va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda, shuningdek ularning pasportlarida belgilangan tartibda taqsimlanadigan davlat boji va yigʻimning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.