Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar) faoliyatni (harakatlarni) boshlash uchun vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilinishini talab etmaydigan, biroq davlat tomonidan tartibga solinishini taʼminlash, shuningdek tegishli faoliyat bilan shugʻullanayotgan subyektlarning hisobini yuritish va ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar hamda shartlarga rioya etish boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslar oʻz zimmasiga majburiyatlar qabul qilishi orqali amalga oshiriladigan faoliyat turlarini oʻz ichiga oladi. Ushbu Qonunning 3-ilovasida koʻrsatilgan faoliyat (harakatlar) turlarini (kichik turlarini) amalga oshirish uchun bu haqda vakolatli organni xabardor qilish talab etiladi. Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatning (harakatlarning) ushbu Qonunda nazarda tutilmagan yangi turlarini (kichik turlarini) joriy etish taqiqlanadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan faoliyat (harakatlar) turlari (kichik turlari) bilan vakolatli organni xabardor qilmasdan shugʻullanish taqiqlanadi. Xabardor qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomda nazarda tutiladi. Xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatning (harakatlarning) oʻziga xos qoidalari va xususiyatlari xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga ilovalar hisoblanuvchi pasportlarda belgilanadi.