Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida 19-modda. Xalq deputatlari Kengashining doimiy va muvaqqat komissiyalari

Sessiya muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, xalq deputatlari Kengashi qarorlarini va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini roʻyobga chiqarish uchun koʻmaklashish, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshirish uchun xalq deputatlari Kengashi oʻz vakolatlari muddatiga doimiy va muvaqqat komissiyalar tuzadi. Xalq deputatlari Kengashlarida, qoida tariqasida, quyidagi doimiy komissiyalar tuziladi: mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha; korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash va huquqiy masalalar boʻyicha; ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha; agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari boʻyicha; reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari boʻyicha. Xalq deputatlari Kengashida muvaqqat komissiyalar ham tuzilishi mumkin. Komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomlar tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.