Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida 20-modda. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyati

Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati tomonidan taʼminlanadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyati yuridik shaxs boʻlib, uning faoliyati tegishli mahalliy budjet hisobidan moliyalashtiriladi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining tuzilmasi, nizomi, shtatlari, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek ularni saqlash xarajatlari tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyati xodimlarining mehnatga oid munosabatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari muddatiga bogʻliq boʻlmaydi, kotibiyat mudiri bundan mustasno. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining mudiri tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari orasidan Kengash raisi tomonidan tayinlanadi va doimiy asosda faoliyat yuritadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining mudiri oʻz vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi va oʻz nomi tushirilgan muhriga hamda blankalariga ega boʻladi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining namunaviy tuzilmasi va namunaviy nizomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.