Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalarining, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisida har chorakda, jamoat xavfsizligi toʻgʻrisida esa har olti oyda tegishincha xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlariga hisobot taqdim etadi. Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalarining (boʻlimlarining) boshliqlari huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisida, shuningdek jamoat xavfsizligi toʻgʻrisida har chorakda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitishga tegishli hududda joylashgan boshqa davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, tashkilotlarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining, siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari va boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin. Yuklatilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar va ishlarning natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish chogʻida tanqidiy jihatdan muhokama qilinadi, ularning faoliyati samaradorligiga shaxsan baho beriladi, shuningdek egallab turgan lavozimiga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida tavsiyalar qabul qilinadi.