Xalq deputatlari Kengashi tegishli hududda joylashgan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Kengash soʻrovini yuborishga haqli. Kengash soʻrovi tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv va tergov organlarining, sudlarning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga, shuningdek ijro ishi yuritish hamda notarial ish yuritishning muayyan materiallarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyatga taalluqli boʻlishi mumkin emas. Kengash soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi taklif Kengashning deputatlari, doimiy va muvaqqat komissiyalari, partiya guruhlarining tashabbusi asosida Kengash sessiyasida koʻrib chiqiladi. Kengash soʻrovining tashabbuskorlari tomonidan Kengash soʻrovi loyihasi tayyorlanib, u Kengashning navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish uchun Kengash raisiga yuboriladi. Kengash soʻrovi loyihasiga uni asoslantiruvchi zarur materiallar ilova qilinadi. Kengash soʻrovi loyihasida soʻrovga javob berishning shakli (ogʻzaki yoki yozma) toʻgʻrisidagi talablar boʻlishi kerak. Kengash soʻrovini yuborish toʻgʻrisidagi qaror Kengash deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Davlat organlarining mansabdor shaxslari Kengash soʻroviga ogʻzaki javobni Kengash tomonidan belgilangan muddatda Kengash sessiyasida beradi. Davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari Kengashning soʻroviga yozma javobni, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yuborishi kerak. Kengash soʻroviga javobda soʻrovda qoʻyilgan masalalarning har biri boʻyicha aniq va batafsil asoslantirilgan maʼlumotlar ochib berilishi kerak. Kengashning soʻroviga javob soʻrov oʻz nomiga yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifala