Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi qarorlar qabul qiladi. Viloyat, tuman, shahar hokimi qarorlar qabul qiladi va farmoyishlar chiqaradi. Xalq deputatlari Kengashining va hokimning hujjatlari Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimida (bundan buyon matnda Yagona elektron tizim deb yuritiladi) ishlab chiqiladi, kelishiladi va roʻyxatdan oʻtkaziladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Xalq deputatlari Kengashi va hokim qabul qilgan hujjatlar, bundan normativ-huquqiy tusga ega boʻlmagan hujjatlar mustasno, agar shu hujjatning oʻzida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, Yagona elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Xalq deputatlari Kengashining va hokimning normativ-huquqiy tusdagi hujjatlari, agar hujjatlarning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Xalq deputatlari Kengashining va hokimning Yagona elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazilmagan hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos boʻlib xizmat qilishi mumkin emas va huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Xalq deputatlari Kengashi va hokim oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan hujjatlar viloyat, tuman, shahar hududida joylashgan barcha tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.