Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 197-5-modda. Taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish

Taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilarning bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi; Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.