Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 324-29-modda. Taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olish

Sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori ustidan taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxs uni qaytarib olishga haqli. Taftish tartibida berilgan protestni qaytarib olish huquqi protest keltirgan prokurorga, shuningdek yuqori turuvchi prokurorga tegishlidir. Oʻziga nisbatan sudning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha qarori chiqarilgan shaxs oʻz advokatining taftish tartibida berilgan shikoyatini qaytarib olishga haqli. Maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsning advokati, qonuniy vakili oʻzining taftish tartibida berilgan shikoyatini faqat maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning roziligi bilan qaytarib olishga haqli. Taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olishga taftish instansiyasi sudi alohida xonaga kirguniga qadar yoʻl qoʻyiladi. Taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat ishda qoldiriladi.