Ariza (shikoyat) sudga yozma shaklda beriladi. U arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Arizada (shikoyatda) quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza (shikoyat) berilayotgan sudning nomi; 2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 3) arz qilingan talablarga asos boʻlgan holatlar (agar ular mavjud boʻlsa); 4) arz qilingan talablarning asoslarini tasdiqlovchi dalillar; 5) arizachining qonunchilikka asoslab keltirgan talablari, talab bir nechta javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa ularning har biriga nisbatan talablar; 6) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Arizada (shikoyatda) arizachining yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Arizada (shikoyatda), agar nizoni toʻgʻri hal qilish uchun zarur boʻlsa, boshqa maʼlumotlar, shuningdek arizachidagi mavjud boʻlgan iltimosnomalar koʻrsatiladi. Arizachi oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir nechta talabni, agar ular maʼmuriy sudga taalluqli boʻlsa, bitta arizaga (shikoyatga) birlashtirishga haqli.