Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida quyidagi harakatlarni ariza (shikoyat) kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay amalga oshiradi: 1) ishda ishtirok etish uchun boshqa javobgarni yoki uchinchi shaxsni jalb etish masalasini koʻrib chiqadi; 2) manfaatdor shaxslarni ishni yuritish toʻgʻrisida xabardor qiladi; 3) ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ularning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga boʻlgan huquqlari haqida xabardor qiladi; 4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, boshqa tashkilotlarga, ularning mansabdor shaxslariga muayyan harakatlarni amalga oshirishni, shu jumladan nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etishni taklif etadi; 5) guvohlarni chaqirtiradi; 6) ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi; 7) taraflarga zarur dalillarni olishga koʻmaklashadi, taraflarning iltimosnomasi boʻyicha ularni talab qilib oladi; 8) taraflarning iltimosnomasi boʻyicha dastlabki himoya choralarini koʻrish va dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi; 9) boshqa shaxslarning ishga kirishishi, ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish yoki arz qilingan talablarini alohida ish yuritishga ajratish, sayyor sud majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi; 10) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi; 11) taraflarni kelishtirish choralarini koʻradi. Sudya ishning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlashga qaratilgan boshqa harakatlarni ham amalga oshiradi. Dastlabki eshituv oʻtkazilgan hollarda ishni sud muhokamasiga tayyorlash muddati yigirma kundan oshmasligi kerak.