Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 142-modda. Saylov komissiyalarining, referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish muddati va tartibi

Saylov komissiyasining, referendum oʻtkazuvchi komissiyaning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat berilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay sud tomonidan koʻrib chiqilishi, agar saylovga yoki referendumga olti kundan kam vaqt qolgan boʻlsa, darhol koʻrib chiqilishi lozim. Shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini yoki referendum oʻtkazuvchi komissiyaning vakilini, shuningdek, prokurorni, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor boʻlsa, oʻsha shaxsni ham chaqirgan holda koʻrib chiqiladi. Bu shaxslarning kelmasligi ishni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq darhol tegishli saylov komissiyasiga, referendum oʻtkazuvchi komissiyaga va arizachiga topshiriladi.