Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 155-modda. Hal qiluv qarori qabul qilinishining sir tutilishi

Sudning hal qiluv qarori alohida xonada (maslahatxonada) qabul qilinadi. Ish hayʼatda koʻrib chiqilayotganda hal qiluv qarori sudyalar maslahati sirini saqlash taʼminlanadigan sharoitlarda, sud majlisida ishtirok etayotgan sudyalar tomonidan koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Sud hal qiluv qarorini qabul qilayotgan maslahatxonada faqat ishni koʻrib chiqayotgan sud tarkibiga kiradigan sudyalar boʻlishi mumkin. Ushbu xonaga boshqa shaxslarning kirishi, shuningdek sud tarkibiga kirmaydigan shaxslar bilan muloqotda boʻlishning boshqa usullari taqiqlanadi. Sudyalar hal qiluv qarorini qabul qilish chogʻidagi muhokama mazmuni toʻgʻrisidagi, sud tarkibiga kirgan ayrim sudyalarning nuqtai nazari haqidagi maʼlumotlarni biror-bir shaxsga xabar qilishga, sudyalar maslahati sirini boshqa usulda oshkor qilishga haqli emas.