Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 177-modda. Bayonnoma yuzasidan fikr-mulohazalar

Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining bayonnomasi bilan tanishib chiqishga haqli va u imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida bayonnoma yuzasidan bayonnomada yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni yoki undagi maʼlumotlarning toʻliq emasligini koʻrsatgan holda yozma fikr-mulohazalar berishi mumkin. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar ular berilgan kundan keyin besh kun ichida sud protsessi ishtirokchilarini chaqirmasdan koʻrib chiqilishi kerak. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan berilgan yozma fikr-mulohazalarni raislik qiluvchi koʻrib chiqadi va ushbu fikr-mulohazalarga qoʻshilsa, ularni qabul qiladi, qoʻshilmagan taqdirda esa ularni rad etadi. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar qabul qilinganligi haqida yoki rad etilganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan sudga besh kunlik muddatni oʻtkazib taqdim etilgan yozma fikr-mulohazalar sud tomonidan koʻrib chiqilmaydi va ishga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda yozma fikr-mulohazalar bergan shaxsga maʼlum qilinadi. Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvi bilan tanishish huquqiga ega. Sud majlisining audio- yoki videoyozuvining koʻchirma nusxalari sud protsessi ishtirokchilariga ishni koʻrib chiqqan sudning ruxsati bilan beriladi.