Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksning 128-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Arizada quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak: 1) idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning nomi; 2) idoraviy normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, eʼlon qilish manbai va u toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar; 3) arizachining fikriga koʻra, uning ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki uning ayrim qismlari bilan buzilayotgan huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari; 4) arizachining fikriga koʻra, idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki uning alohida qismlari nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan qaysi qonunchilik hujjatiga zid boʻlsa, oʻsha qonunchilik hujjatining nomi; 5) arizachining idoraviy normativ-huquqiy hujjatni toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi. Arizaga ushbu Kodeksning 130-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan normativ-huquqiy hujjatning matni ilova qilinadi. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida sudga ariza berilganligi nizolashilayotgan hujjatning yoki uning ayrim qoidalarining amal qilishini toʻxtatib turmaydi.