Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 187-modda. Maʼmuriy organning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining, ular mansabdor shaxslarining qarorini haqiqiy emas, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi arizaning (shikoyatning) shakli va mazmuni

Maʼmuriy organlarning va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi ariza (shikoyat) ushbu Kodeksning 128-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Arizada (shikoyatda) quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak: 1) ustidan shikoyat qilinayotgan qarorni qabul qilgan yoki shikoyat qilinayotgan harakatni (harakatsizlikni) sodir etgan maʼmuriy organning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining nomi, mansabdor shaxsning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari; 2) ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning nomi, raqami, u qabul qilingan sana, ustidan shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy; 3) arizachining fikriga koʻra, ustidan shikoyat qilinayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli uning buzilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 4) arizachining fikriga koʻra, ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning, harakatlarning (harakatsizlikning) qaysi qonunchilikka zid ekanligi; 5) arizachining qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi talabi. Arizaga (shikoyatga) ushbu Kodeksning 130-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning matni ilova qilinadi.