Kassatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ushbu bobda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda, birinchi instansiya sudida koʻrish qoidalari boʻyicha koʻradi. Kassatsiya instansiyasi sudida: ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish toʻgʻrisidagi; talabning predmetini yoki asosini oʻzgartirish haqidagi; ishga uchinchi shaxslarni jalb etish toʻgʻrisidagi qoidalar, shuningdek ushbu Kodeksda birinchi instansiya sudida ishni koʻrish uchun belgilangan boshqa qoidalar qoʻllanilmaydi, bundan ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari boʻyicha koʻrish holi mustasno. Sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga kelmaganligi ishni ular yoʻqligida koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.