Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 24-modda. Rad qilish toʻgʻrisidagi arizani hal etish tartibi

Rad qilish toʻgʻrisida arz qilingan taqdirda, sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrini, agar rad qilinishi talab etilayotgan shaxs tushuntirish berishni xohlasa, uning ham fikrini eshitadi. Ishni yakka tartibda koʻrayotgan sudyani rad qilish toʻgʻrisidagi masala sud raisi tomonidan hal qilinadi. Ish hayʼat tarkibida koʻrilayotganda sudyani rad qilish toʻgʻrisidagi masala rad qilinishi talab etilayotgan sudyaning ishtirokisiz sud tarkibining koʻpchilik ovozi bilan hal qilinadi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolsa, sudya rad qilingan hisoblanadi. Bir nechta sudyani yoki ishni koʻrayotgan sudning butun tarkibini rad qilish toʻgʻrisidagi masala shu sud tarkibi tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan hal qilinadi. Prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibining va tarjimonning oʻzini oʻzi rad qilishi yoki ularni rad qilish toʻgʻrisidagi masala ishni koʻrayotgan sud tomonidan hal etiladi. Sudyaning oʻzini oʻzi rad qilish toʻgʻrisidagi masala ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda hal etiladi. Rad qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi.