Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 255-modda. Taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) ilova qilinadigan hujjatlar

Taftish shikoyatiga quyidagilar ilova qilinadi: 1) davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 2) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taftish shikoyatining va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat; 3) taftish tartibidagi shikoyat vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uning shikoyatni imzolashga boʻlgan vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat. Taftish tartibidagi protestga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga protest va unga ilova qilingan, ushbu shaxslarda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini yoki topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish haqidagi yoxud apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi sud ajrimi ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) qabul qilinishi rad etilgan yoki qaytarilgan shikoyat (protest) va uni sudga taqdim etish chogʻida unga qoʻshib berilgan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak. Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish haqidagi yoki qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga berilgan taftish tartibidagi shikoyatga (protestga) qabul qilinishi rad etilgan yoxud qaytarilgan shikoyat (protest) hamda uni sudga taqdim etish chogʻida unga qoʻshib berilgan hujjatlar ham ilova qilinishi kerak.