Ushbu Kodeksda shakl va mazmunga nisbatan belgilangan talablarga rioya qilingan holda berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinadi va sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlanadi. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ajrim chiqarilgan sana va joy; 2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari; 3) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi); 4) ustidan shikoyat berilgan (protest keltirilgan) sud hujjatlari; 5) sud majlisini oʻtkazish vaqti va joyi.