Sudning ajrimi, qarori ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ushbu Kodeksning 249-moddasida nazarda tutilgan ajrim, qaror ustidan mazkur Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) ushbu bobda taftish tartibidagi shikoyatlarni (protestlarni) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda taftish instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi. Taftish instansiyasi sudi ajrim, qaror ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli: 1) ajrimni, qarorni oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) ajrimni, qarorni toʻliq yoki qisman oʻzgartirishga yoki bekor qilishga va masalani mazmunan hal qilishga yoxud ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga; 3) ajrimni, qarorni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ishni mazmunan koʻrish uchun tegishli instansiya sudiga yuborishga; 4) ajrimni bekor qilishga va arizani (shikoyatni), ish materiallarini koʻrib chiqish uchun sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.