Ish ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha, mazkur bobda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda taftish tartibida koʻriladi. Ishni taftish tartibida koʻrish raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruzachi ishning holatlarini, ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlarining mazmunini, taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) keltirilgan vajlarni, unga doir kelib tushgan yozma fikrlarni bayon qiladi. Shundan soʻng sud majlisida hozir boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari eshitiladi. Dastlab taftish tartibida shikoyat bergan shaxs yoki uning vakili tushuntirish beradi, agar ish prokurorning protesti boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, dastlab prokuror soʻzga chiqadi. Sud hujjati ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat berilgan taqdirda, birinchi boʻlib arizachi soʻzga chiqadi. Ushbu Kodeksning 47-moddasida nazarda tutilgan tartibda ishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa shaxslar, agar ular sud hujjati ustidan shikoyat bermagan boʻlsa, sudda taraflar va uchinchi shaxslardan keyin soʻzga chiqadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari eshitilganidan keyin taftish instansiyasi sudi qaror qabul qilish uchun maslahatxonaga kiradi. Taftish instansiyasi sudining qarori ishni koʻrish tugashi bilanoq darhol qabul qilinadi. Alohida hollarda asoslantirilgan qarorni tayyorlash besh kungacha boʻlgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq sud uning qaror qismini sud muhokamasi tamomlangan majlisning oʻzidayoq eʼlon qilishi kerak. Sudyalar maslahatlashuvi, qaror chiqarish va uni oʻqib eshittirish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.