Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 286-modda. Ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish va tugatish

Sud bergan ijro varaqasi asosida davlat ijrochisi tomonidan qoʻzgʻatilgan ijro ishini yuritishni sud qonunda nazarda tutilgan hollarda, undiruvchining, qarzdorning, davlat ijrochisining arizasiga koʻra toʻxtatib turishi yoki tugatishi mumkin. Maʼmuriy sud tomonidan berilgan ijro varaqasi asosida qoʻzgʻatilgan ijro ishini yuritishni toʻxtatib turish va tugatish oʻsha sud yoki davlat ijrochisi joylashgan yerdagi maʼmuriy sud tomonidan amalga oshiriladi. Ijro ishini yuritishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi ariza u kelib tushgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda, taraflar chaqirtirilmasdan va sud muhokamasisiz koʻrib chiqiladi. Ijro ishini yuritishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek davlat ijrochisiga yuboriladi. Ajrim ustidan u chiqarilgan kundan boshlab oʻn kunlik muddatda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.