Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 34-modda. Ishni bir maʼmuriy suddan boshqasiga oʻtkazish

Sud tomonidan sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya etilgan holda qabul qilib olingan ish, garchi keyinchalik boshqa maʼmuriy sudning sudloviga tegishli boʻlib qolsa ham, ilgarigi sud tomonidan mazmunan koʻrilishi kerak. Sud ishni quyidagi hollarda boshqa maʼmuriy sudga oʻtkazadi, agar: 1) ish sudlovga tegishlilik qoidasini buzgan holda qabul qilinganligi ishni shu sudda koʻrish vaqtida maʼlum boʻlsa; 2) bir yoki bir nechta sudya rad qilinganidan keyin ularni mazkur sudda almashtirish mumkin boʻlmay qolsa, shuningdek ishni ushbu sudda koʻrish mumkin boʻlmay qolgan boshqa hollarda. Ishni boshqa maʼmuriy sudda koʻrishga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Bir suddan boshqa sudga yuborilgan ish u yuborilgan sudda koʻrish uchun qabul qilib olinishi kerak. Maʼmuriy sudlar oʻrtasida sudlovga tegishlilik toʻgʻrisidagi nizolarga yoʻl qoʻyilmaydi.