Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 46-modda. Ishda prokurorning ishtiroki

Prokuror barcha ishlar boʻyicha sud majlisida ishtirok etishga haqli. Prokuror fuqarolar va yuridik shaxslarning, shuningdek jamiyat va davlatning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilib, sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Ariza tumanlararo maʼmuriy sudlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yoki ularning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlariga esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari yoki ularning oʻrinbosarlari tomonidan taqdim etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasining barcha maʼmuriy sudlariga ariza taqdim etishga haqli. Prokurorning oʻz arizasidan voz kechishi arizachini ishni mazmunan koʻrib chiqishni talab qilish huquqidan mahrum etmaydi. Prokuror tomonidan arizachining huquqini himoya qilish maqsadida taqdim etilgan talabdan arizachining voz kechishi arizani koʻrmasdan qoldirishga olib keladi. Qonunda nazarda tutilgan yoki sud mazkur ishda prokuror ishtirok etishi zarur deb topgan hollarda, yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq ishlarda, shuningdek prokurorning arizasi asosida qoʻzgʻatilgan ishlarda prokuror ishtirok etishi shart. Ishda ishtirok etuvchi prokuror ishning mazmuni boʻyicha fikrini bayon qiladi, bundan uning boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga doir arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan ishlar mustasno. Fuqaroning, yuridik shaxsning, jamiyat va davlatning manfaatlarini koʻzlab ariza taqdim etgan prokuror arizachining huquqlaridan foydalanadi hamda uning majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan kelishuv bitimi tuzish huquqi mustasno.