Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 60-modda. Shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakillik

Ishonch bildiruvchi oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudda ish yuritishni shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakillikka binoan vakilga topshiradi. Quyidagilar shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakil boʻlishi mumkin: 1) advokatlar; 2) nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan yoki yon shajara boʻyicha qarindoshlar, shuningdek er (xotin) yoxud uning qarindoshlari; 3) yuridik shaxslarning xodimlari — ushbu yuridik shaxslarning ishlari boʻyicha; 4) notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari — ushbu tashkilotlar aʼzolarining ishlari boʻyicha; 5) qonunga binoan boshqa shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish huquqi berilgan notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari; 6) birgalikda protsessual ishtirok etuvchilardan biri boshqa birgalikdagi ishtirokchilarning topshirigʻi boʻyicha; 7) ishni koʻrib chiqayotgan sud tomonidan ishda jismoniy shaxslarning vakillari sifatida ishtirok etishga ruxsat berilgan shaxslar. Sudda ish yuritish boʻyicha vakil sifatida professional faoliyat bilan faqat advokatlar shugʻullanishi mumkin. Sud arizachining iltimosiga koʻra, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻrishi shart. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokat jalb etiladigan paytga qadar sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran unga ishga kirishish uchun kamida toʻrt soat vaqt berilishi kerak.