Ariza (shikoyat) bilan birga berilgan dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish bilan bir vaqtda, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza sud majlisi chogʻida berilgan taqdirda, u shu majlisda koʻrib chiqilishi kerak. Agar dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi ariza ish yuritish jarayonida berilgan boʻlsa, u kelib tushganidan keyingi kundan kechiktirmay koʻrib chiqiladi. Dastlabki himoya choralarini koʻrish toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, uning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi. Dastlabki himoya choralarini koʻrish haqidagi yoki dastlabki himoya choralarini koʻrishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Shikoyat berilishi (protest keltirilishi) ajrimning ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi.