Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 3-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi

Ushbu Qonun maʼmuriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan litsenziya, ruxsat berish, roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa maʼmuriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi. Ushbu Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish, davlat xizmatini oʻtash, referendumlar, saylovlar oʻtkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish, banklarni sanatsiya qilish va tugatish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasiga kiruvchi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.