Xabarnomani topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuborish yoki tilxat olib topshirish yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini taʼminlaydigan axborot tizimlaridan foydalangan holda xabardor qilish maʼmuriy ish yuritishda tegishli tarzda xabardor qilish hisoblanadi. Tegishli xabarnoma manfaatdor shaxs tomonidan olingan payt xabardor qilish vaqtidir. Manfaatdor shaxslar oʻz manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida maʼmuriy organga maʼmuriy ishni yuritish vaqtida maʼlum qilishi shart. Bunday maʼlumot mavjud boʻlmagan taqdirda, xabarlar maʼmuriy organga maʼlum boʻlgan oxirgi manzilga yuboriladi hamda yetkazib berilgan deb hisoblanadi. Agar manfaatdor shaxslar oʻz telefonlari va fakslari raqamlarini, elektron manzilini maʼmuriy organga maʼlum qilgan boʻlsa, ular bu maʼlumotlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida maʼmuriy organni maʼmuriy ish yuritish vaqtida yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi kerak. Xabarnomani manfaatdor shaxsga tilxat olib shaxsan topshirishning imkoni boʻlmagan taqdirda, xabarnoma u bilan birga yashaydigan voyaga yetgan oila aʼzolaridan biriga yoki bunday shaxslar boʻlmasa, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga yoki manfaatdor shaxsning ish beruvchisiga (taʼlim muassasasi maʼmuriyatiga) tilxat olib topshirilishi mumkin. Xabarnomani qabul qilgan shaxs imkoniyat boʻlishi bilan uni kechiktirmasdan manfaatdor shaxsga topshirishi shart. Xabarnomani qabul qilishni rad etgan manfaatdor shaxs tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi. Rad etish xabarnomaga belgi qoʻyish orqali rasmiylashtiriladi va xabarnoma maʼmuriy organga qaytariladi. Manfaatdor shaxsning xabarnomani qabul qilishni rad etganligi toʻgʻrisidagi belgi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki manfaatdor shaxsning ish beruvchisi (taʼlim muassasasi maʼmuriyatining mansabdor shaxsi) tomonidan yoxud ikkitadan kam boʻlmagan fuqaroning imzosi bilan tasdiqlanadi. Tegishli tarzda xabardor qilish faktini isbotlash majburiyati ma