Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 36-modda. Maʼmuriy ish yuritish muddatlari

Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, maʼmuriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ammo ariza maʼmuriy organda roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran, maʼmuriy hujjat maʼmuriy organ tashabbusi bilan qabul qilinadigan taqdirda esa, adresat maʼmuriy ish yuritish boshlanganligi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz ish kunidan kechiktirmay maʼmuriy ishni koʻrib chiqadi va maʼmuriy hujjatni qabul qiladi. Maʼmuriy organlarning tashabbusi bilan maʼmuriy hujjatlarni qabul qilishning eng koʻp muddatlari qonunchilikda belgilanadi. Maʼmuriy ish yuritish muddati qonunda nazarda tutilgan hollarda maʼmuriy organ tomonidan uzaytirilishi mumkin. Maʼmuriy ish yuritish muddatining oʻtishi ariza maʼmuriy organda roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran boshlanadi, maʼmuriy hujjatni maʼmuriy organning tashabbusiga koʻra qabul qilish uchun esa ushbu muddatning oʻtishi adresat maʼmuriy ish yuritish boshlanganligi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan eʼtiboran boshlanadi. Agar ariza taalluqliligi boʻyicha vakolatli maʼmuriy organga qayta yuborilgan boʻlsa, maʼmuriy ish yuritish muddatining oʻtishi maʼmuriy ish tegishli vakolatli organga kelib tushib, roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran boshlanadi. Maʼmuriy ish yuritish muddatlari kunlar, oylar va yillar bilan hisoblanadi. Agar maʼmuriy ish yuritish muddati dam olish (bayram) kunida tugasa, shu kundan keyingi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.