Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 40-modda. Maʼmuriy ishni koʻrib chiqish bilan bogʻliq xarajatlar

Maʼmuriy ishni koʻrib chiqish bilan bogʻliq xarajatlar maʼmuriy ish yuritishni amalga oshiruvchi maʼmuriy organ zimmasida boʻladi. Maʼmuriy ish yuritishda qoʻshimcha harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan maʼmuriy ishni hal qilishga koʻmaklashuvchi shaxslarning ishtirok etishi bilan bogʻliq xarajatlar haqini toʻlash ushbu harakatlar maʼmuriy ish yuritishning qaysi ishtirokchilari iltimosnomasi boʻyicha amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha ishtirokchining zimmasida boʻladi. Maʼmuriy organlarga beriladigan arizalardan qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji yoki yigʻim undirilishi mumkin. Yigʻimning miqdori maʼmuriy ishni koʻrib chiqish chogʻida maʼmuriy organ sarflagan xarajatlar doirasida belgilanadi. Maʼmuriy shikoyatlar uchun davlat boji va yigʻim undirilmaydi.