Yuqori turuvchi maʼmuriy organ yoki boshqa vakolatli organ maʼmuriy shikoyat boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli: shikoyat qilingan maʼmuriy yoki protsessual hujjatni oʻzgarishsiz qoldirish; shikoyat qilingan maʼmuriy yoki protsessual hujjatga oʻzgartirishlar kiritish; maʼmuriy yoki protsessual hujjatni bekor qilish va zarurat boʻlganda yangi hujjat qabul qilish. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish mumkin boʻlmaganda yoki maqsadga muvofiq boʻlmaganda, maʼmuriy harakatlar ustidan shikoyat qilinganda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, yuqori turuvchi maʼmuriy organ yoki boshqa vakolatli organ muayyan maʼmuriy hujjatni, protsessual hujjatni qabul qilish yoki muayyan maʼmuriy harakatni amalga oshirish majburiyatini maʼmuriy organning zimmasiga yuklatishi mumkin. Manfaatdor shaxs maʼmuriy shikoyat boʻyicha qabul qilingan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, uning ustidan oʻttiz kalendar kun ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.