Maʼmuriy hujjatni majburiy ijro etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Maʼmuriy hujjat boʻyicha oʻz majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda, tegishli tarzda va tegishli muddatda bajarayotgan shaxsga nisbatan maʼmuriy hujjatni majburiy ijro etishning hech bir chorasi qoʻllanishi mumkin emas. Agar adresat maʼmuriy hujjatni majburiy ijro etish choralarini qoʻllash tahdidi ostida ixtiyoriy ravishda ijro etishga rozilik bildirsa va oʻz majburiyatlarini bajarishga kirishsa, tayinlangan majburiy ijro etish chorasi adresat maʼmuriy hujjatni vijdonan va tegishli tarzda bajarayotganda ijro etilmasligi kerak. Adresatning oʻz majburiyatlarini toʻliq bajarganligi majburiy ijro etish chorasi qoʻllanilishini darhol bekor qiladi.