Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 76-modda. Maʼmuriy organning ijro hujjati

Maʼmuriy hujjat adresat tomonidan tegishli tarzda va tegishli muddatda ijro etilmagan taqdirda uning majburiy ijrosini taʼminlovchi protsessual hujjat maʼmuriy organning ijro hujjatidir. Agar ushbu bobda yoki boshqa qonunda oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ijro hujjatlariga nisbatan ushbu Qonunning 4-bobida nazarda tutilgan talablar va qoidalar qoʻllaniladi. Agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, ijro hujjati maʼmuriy organ tomonidan oʻz tashabbusiga koʻra yoki ijro etilayotgan maʼmuriy hujjat maʼmuriy ish yuritish boshqa ishtirokchisining qaysi talabi natijasida qabul qilingan boʻlsa, oʻsha talabga koʻra, ixtiyoriy ijro etish muddati oʻtgach uch ish kuni ichida qabul qilinadi. Maʼmuriy organning ijro hujjati faqat yozma shaklda qabul qilinadi va u ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilish maqsadida adresatga, shuningdek maʼmuriy hujjatning majburiy ijro etilishini talab qilayotgan shaxsga bir ish kuni ichida yuborilishi kerak. Ijro ishini yuritishda maʼmuriy hujjat boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki tegishli tarzda bajarmaganligi uchun oʻziga nisbatan ijro hujjati qabul qilingan adresat — majburiyatli shaxs, ijro hujjati qaysi shaxsning foydasiga yoki qaysi shaxs manfaatlarini koʻzlab qabul qilingan boʻlsa, oʻsha shaxs undiruvchi boʻladi.