Mediatsiya toʻgʻrisida 14-1-modda. Mediatorlar reyestridan chiqarish

Mediator Mediatorlar reyestridan uni reyestrga kiritgan adliya organi tomonidan quyidagi hollarda chiqariladi: oʻz arizasiga koʻra; vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda; muomala layoqati cheklanganda yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda; sudning shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda; sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda; davlat xizmatiga kirganda, bundan pedagogik, ilmiy, ijodiy va notarial faoliyat mustasno; mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi tufayli malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qaroriga asosan.