Mediatsiya toʻgʻrisida 29-modda. Mediativ kelishuv

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari boʻyicha taraflar kelib chiqqan nizo yoxud majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari xususida oʻzaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, taraflar oʻrtasida yozma shaklda mediativ kelishuv tuziladi. Davlat organi yoki boshqa organ tomonidan qaysi shaxsning manfaatlarini koʻzlab daʼvo taqdim etilgan boʻlsa, oʻsha shaxs mazkur davlat organining yoki boshqa organning ishtirokisiz mediativ kelishuv tuzishga haqli. Mediativ kelishuvda quyidagilar koʻrsatilishi shart: mediativ kelishuv taraflarining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), yashash joyi yoki turgan joyi (pochta manzili), shuningdek, agar mediativ kelishuv vakil tomonidan tuzilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi; mediativ kelishuv taraflarining kelishuvni bajarish bilan bogʻliq huquq va majburiyatlari; mediativ kelishuv taraflari tomonidan kelishilgan majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari. Mediativ kelishuv kelishuvning taraflari tomonidan imzolangan va mediator tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart. Quyidagilarni nazarda tutuvchi mediativ kelishuvni tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi: 1) agar uning shartlari qonunchilikka zid boʻlsa; 2) agar uning shartlari mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qilsa yoki daxl qilishi mumkin boʻlsa. Mediativ kelishuv bajarilmasligining oqibatlari taraflar tomonidan ushbu kelishuvning oʻzida belgilab qoʻyilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasida ijro etiladigan mediativ kelishuvlar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlishi kerak.