Mehnat kodeksi 279-modda. Kafolatli toʻlovlar va kafolatli qoʻshimcha toʻlovlar tushunchalari

Kafolatli toʻlovlar xodim ushbu Kodeksga, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan yoxud oʻz ixtiyoriga zid tarzda ishlash imkoniyatidan mahrum boʻlgan vaqt uchun oʻrtacha ish haqi yoki tarif stavkasi (maosh) miqdoridagi pul toʻlovlaridir. Kafolatli qoʻshimcha toʻlovlar ushbu Kodeksda va mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda xodimga u muayyan sabablarga koʻra oʻz mehnat vazifalarini toʻliq hajmda bajara olmaganda, ushbu xodimning oʻrtacha ish haqini saqlab qolish maqsadida toʻlanadigan pul summasi hisoblanadi.