Ish tashlashni eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qaror tashkilot (filial, vakolatxona yoki boshqa alohida tarkibiy boʻlinma) xodimlarining umumiy yigʻilishida (konferensiyasida) qatnashayotgan xodimlarning (delegatlarning) ellik foizidan koʻprogʻi yoqlab bergan ovozi bilan qabul qilinadi. Tashkilot (filial, vakolatxona yoki boshqa alohida tarkibiy boʻlinma) xodimlarining umumiy yigʻilishi (konferensiyasi) tomonidan ish tashlashni eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish ish tashlash boshlanishidan kamida bir oy oldin ushbu Kodeksning 36-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ish tashlashni eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: ish tashlashni eʼlon qilish va oʻtkazish uchun asos boʻlgan jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishmovchiliklari roʻyxati; ish tashlash boshlanadigan sana, vaqt va joy; ish tashlashga rahbarlik qiluvchi va uning ish tashlash chogʻidagi vakolatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; xodimlarning yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarida ishtirok etuvchi vakillari roʻyxati.