Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida 11-modda. Mehnatni muhofaza qilishni moliyaviy taʼminlash

Mehnatni muhofaza qilishni moliyaviy taʼminlash davlat tomonidan, shuningdek mulk shaklidan qatʼi nazar, jamoat birlashmalari, korxonalarning ixtiyoriy badallari hisobiga amalga oshiriladi. Mehnatni muhofaza qilish uchun tegishli budjetlardan alohida qayd bilan ajratiladigan budjet mablagʻlari (respublika va mahalliy) boshqaruv hamda nazorat idoralarini saqlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyaviy taʼminlash, mehnatni muhofaza qilishga oid davlatning aniq maqsadga qaratilgan dasturlarini bajarish uchun foydalaniladi. Har bir korxona mehnatni muhofaza qilish uchun zarur mablagʻlarni jamoa shartnomasida belgilanadigan miqdorda ajratadi. Korxonalarning xodimlari ana shu maqsadlar uchun qandaydir qoʻshimcha chiqim qilmaydilar. Korxonalar oʻzining xoʻjalik, tijorat, tashqi iqtisodiy va boshqa faoliyatidan keladigan foyda (daromad), shuningdek boshqa manbalar hisobiga mehnatni muhofaza qilishning markazlashtirilgan fondlarini tashkil etish huquqiga ega. Mehnatni muhofaza qilishga moʻljallangan mablagʻlarni boshqa maqsadlarga ishlatish mumkin emas. Fondlarni tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi ishtirokida belgilanadi.