Muallifning asarni tarjima qilishga va qayta ishlashga boʻlgan mutlaq huquqlari tarjima qilingan yoki qayta ishlangan asarga nisbatan ushbu Qonun 19-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini oʻz ichiga oladi. Muallifning dizaynerlik, arxitektura, shaharsozlik va bogʻ-park barpo etish loyihalaridan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari bunday loyihalarni amalda roʻyobga chiqarishni ham oʻz ichiga oladi. Qabul qilingan arxitektura loyihasining muallifi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachidan qurilishga doir hujjatlarni ishlab chiqish hamda bino yoki inshootni qurish chogʻida oʻz loyihasini roʻyobga chiqarishda qatnashish huquqini berishni talab qilishga haqlidir.