Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 23-modda. Tasviriy sanʼat asarlaridan foydalanish huquqi. Ergashma huquq

Tasviriy sanʼat asarining muallifi asar mulkdoridan oʻz asarlarini takrorlash huquqini (foydalanish huquqini) amalga oshirish imkoniyatini berishni talab qilishga haqlidir. Bunda asar mulkdoridan asarni muallifga yetkazib berishni talab qilish mumkin emas. Tasviriy sanʼat asariga boʻlgan mulk huquqining muallifdan boshqa shaxsga (haq evaziga yoki tekin) oʻtishi bu asarning dastlabki sotilishini bildiradi. Tasviriy sanʼat asarini oldingi narxdan kamida yigirma foiz yuqori narx boʻyicha oshkora qayta sotishning (kimoshdi savdosi, tasviriy sanʼat galereyasi, badiiy salon, doʻkon va hokazo orqali) har bir holatida muallif sotuvchidan qayta sotish narxining besh foizi miqdorida haq olish huquqiga ega (ergashma huquq). Mazkur huquq boshqa shaxsga oʻtkazilmaydi va faqat muallifning qonun boʻyicha merosxoʻrlariga mualliflik huquqining amal qilish muddatiga oʻtadi.