Audiovizual asarni yoki fonogrammani daromad olmasdan faqat shaxsiy maqsadlar uchun asar muallifining, ijrochining, fonogrammani va audiovizual asarni tayyorlovchining roziligisiz, lekin ularga haq toʻlagan holda takrorlashga yoʻl qoʻyiladi. Haq bunday takrorlash uchun foydalaniladigan uskunalarni (audio- hamda videomagnitofonlar va boshqa uskunalarni) hamda moddiy jismlarni (ovozli va (yoki) video plyonkalar va kassetalar, kompakt disklar va boshqa moddiy jismlarni) tayyorlovchilar va import qiluvchilar tomonidan toʻlanadi. Tayyorlanadigan va import qilinadigan uskunalar hamda moddiy jismlar roʻyxati, shuningdek yigʻiladigan haq stavkalari, uni yigʻish shartlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Ushbu moddada nazarda tutilgan haqni yigʻish va taqsimlash mualliflar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning biri tomonidan ana shu tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi. Agar ushbu kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, koʻrsatib oʻtilgan haq quyidagi nisbatda taqsimlanadi: qirq foizi — mualliflarga, oʻttiz foizi — ijrochilarga, oʻttiz foizi — fonogrammalar va (yoki) audiovizual asarlarni tayyorlovchilarga. Ushbu moddada nazarda tutilgan haqni yigʻish va taqsimlash tartibini tekshirish hamda nazorat qilish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Eksport narsasi hisoblanadigan uskunalar hamda moddiy jismlarga, shuningdek uy sharoitlarida foydalanish uchun moʻljallanmagan professional uskunalarga tatbiqan yigʻim amalga oshirilmaydi va haq toʻlanmaydi.