Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida 40-modda. Audiovizual asar yaratish va undan foydalanishga oid mualliflik shartnomasining oʻziga xos xususiyatlari

Audiovizual asar yaratish va undan foydalanish uchun mualliflik shartnomasini tuzish, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, bu asar mualliflari tomonidan audiovizual asarni tayyorlovchiga takrorlash, tarqatish, prokatga berish, omma oldida ijro etish, efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning eʼtiboriga takroran yuborish, audiovizual asarni barchaning eʼtiboriga yetkazish, shuningdek audiovizual asarga subtitr qilish va matnni dublyaj qilish boʻyicha mutlaq huquqlarning oʻtkazilishiga olib keladi. Koʻrsatilgan huquqlar audiovizual asarga boʻlgan mualliflik huquqi amal qiladigan muddat mobaynida amalda boʻladi. Audiovizual asar tarkibiga kiradigan asarlardan foydalanish mualliflik shartnomasi asosida va qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarda amalga oshiriladi. Asarni audiovizual asar tarkibiga kiritishga oʻz roziligini bergan huquq egasi, agar audiovizual asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, audiovizual asardan foydalanishni taqiqlashga yoki biron-bir tarzda cheklashga haqli emas. Audiovizual asarga tarkibiy qism boʻlib kirgan, ham ilgari mavjud boʻlgan, ham uning ustida ishlash jarayonida yaratilgan asarlarning mualliflari, agar audiovizual asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida shartlashilgan boʻlmasa, har biri oʻz asariga nisbatan mualliflik huquqidan foydalanadi.